"ZOOM" platformasi orqali "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi bo'lib o'tdi

Kun tartibidagi masala boʼyicha “Oʼzbekiston temir yoʼllari” aktsiyadorlik jamiyati Sogʼliqni saqlash xizmati boshligʼi M.M. Mamasidikov yigʼilishni ochib, barchani kun tartibi bilan tanishtirdi.
Bugungi kunda Oʼzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati barcha sohalar kabi tubdan isloh qilinayotgani, yoshlarning oʼz iqtidorlarini namoyon qilishlari, ularning kelajakda yetuk kadrlar boʼlib yetishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, yoshlarni har tomonlama moddiy va maʼnaviy qoʼllab-quvvatlash Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning shaxsan oʼz nazoratida ekanligi, shuningdek, yoshlarni oʼz kasbining yetuk mutaxassisi boʼlib yetishishlari uchun tinimsiz oʼz ustilarida izlanishlari kerakligini, koʼproq kitob oʼqishlari hamda bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda tillarni oʼrganishlari zarurligini taʼkidlab oʼtdi.
Yigʼilish tanqidiy ruhda oʼtib, tizimdagi har bir muassasa kesimida yoʼlga qoʼyilgan kamchiliklar birma-bir muhokama qilinib, muassasalar rahbarlari va yoshlar yetakchilari ogʼzaki ravishda ogohlantirildi. Jumladan, Sogʼliqni saqlash xizmati markaziy apparati, Markazi klinik kasalxona va Markaziy poliklinikada “Oʼzbekiston temir yoʼllari” АJ boshqaruv raisining 720-N-sonli buyrugʼi asosida oʼtkazilgan monitoringda aniqlangan bir qancha kamchiliklar va ularni tezkorlik bilan bartaraf etish hamda kelgusida yoʼl qoʼymaslik yuzasidan xizmat rahbari M.M.Mamasidikov tegishli masʼullarga ogohlantirish berdi.
Shundan soʼng, xizmat rahbari hududlardagi muassasalar yoshlariga yaratilgan sharoitlarni bilish maqsadida muassasa rahbarlari hamda yoshlar yetakchilariga navbatma-navbat soʼz bera boshladi:
Termiz temir yoʼl shifoxonasi bosh shifokori Ch.Sh.Qurbonov soʼzga chiqib, hozirda shifoxonada yoshlar uchun barcha sharoit yaratilganini, yoshlar yetakchisi alohida xona, kompyuter va internet bilan taʼminlanganini, til kurslari COVID-19 pandemiyasi sababli biroz keyinga surilgani hamda sentyabr oyidan boshlab ingliz tili kurslari tashkil qilinishi rejalashtirilayotganini bildirib oʼtdi;
Markaziy klinik kasalxona yoshlar yetakchisi B.S.Sultanov soʼzga chiqib, muassasada yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilganini, kutubxona tashkil qilinganligini bildirib oʼtdi. Monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar zudlik bilan bartaraf qilinganini va kelajakda boshqa bunday kamchiliklarga yoʼl qoʼymasligini taʼkidlab oʼtdi;
Shuningdek, yana bir qancha muassasalar rahbarlari va yoshlar yetakchilarining hisobotlari tinglandi.
Sogʼliqni saqlash xizmati boshligʼi yuqorida berilgan barcha hisobotlarni tinglab, tizimda yoshlar uchun hali juda koʼplab ishlar qilinishi kerakligini, yoshlar hozirgi shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamondan ortda qolib ketmasliklarini, sogʼliqni saqlash sohasini rivojlantirish, yangiliklar olib kirishni yoshlar oʼz zimmalariga olishlari kerakligini taʼkidlab oʼtdi.
Shundan soʼng, raislik qiluvchi tizim yoshlaridan taklif va murojaatlari boʼlsa, bemalol berishlari mumkinligini bildirdi:
Samarqand sanitariya-epidemiologiya stansiyasi yoshlar yetakchisi Z.F.Аxrorova soʼzga chiqib, muassasa yoshlar yetakchisi kompyuter bilan taʼminlanishida yordam soʼrab xizmat boshligʼiga murojaat qildi;
Yoʼl bolalar shifoxonasi yoshlar yetakchisi D.А.Samigova soʼzga chiqib, muassasada ingliz tilini oʼrganishni xohlovchi 10 nafar yoshlar borligini, lekin til kursini tashkil etish uchun mablagʼ mavjud emasligini bildirib, xizmat boshligʼiga amaliy yordam soʼrab murojaat qildi;
Raislik qiluvchi, Sogʼliqni saqlash xizmati boshligʼi M.M. Mamasidikov yuqoridagi aytib oʼtilgan takliflar va fikr-mulohazalar uchun yoshlarga oʼz minnatdorchiligini bildirib, yoshlarni kelgusidagi oʼqish va ishlariga muvaffaqiyatlar tilagan holda koʼproq kitob oʼqish kerakligini, yoshlar oʼrtasida aqliy tafakkurni yuksaltiruvchi turli xil musobaqalar tashkil etilishi kerakligini taʼkidlab oʼtdi.
Yigʼilish yopiq deb eʼlon qilindi.