Sog'liqni saqlash muassasalari kadrlarini boshqarishda sotsiologik tadqiqotlarni qo'llash

                                                                                                                                                              KIRISH

      Bugun mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida ulkan oʼzgarish va yangilanishlar roʼy bermoqda. Xalq xoʼjaligining barcha sohalarida innovatsion rivojlanishlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, tibbiyot sohasida samaradorlik va sifat mezonlari oʼzgarmoqda. Sogʼliqni saqlash tizimidagi islohotlar natijasida tibbiyotning birlamchi boʼgʼinidan tortib yuqori tuzilmalargacha ish faoliyatini tashkil etishda asosiy eʼtiborni zamonaviy texnologiyalarni tadbiq qilgan xolda oʼz malaka va koʼnikmalarini doimiy oshirib borish, tibbiy xizmatning sifati va samaradorligini oshirish kabi talablar qoʼyilmoqda.
Shu jihatdan, sogʼliqni saqlash tizimi oʼrta va quyi boʼgʼin rahbarlarining shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini oshirish, vazifalarini aniq belgilash, shuningdek, ularning boshqaruv faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Boshqaruv (management) – shaxs uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib, uning ijodiy, kasbiy salohiyatini faollashtirish va rivojlantirishga qaratilgan jarayondir. Zamonaviy boshqaruvning muhim tamoyillaridan biri – yuqoridan yoʼnaltiriladigan buyruqni kutish emas, balki rahbar bilan xodimlar hamkorligi natijasida yaratilgan ilgʼor taklif va tashabbuslarni olgʼa surish, ularni amalga oshirishda imkon qadar faollik koʼrsatishdir. Rahbarning xodimlar bilan samarali hamkorlik qilishi davr talabiga aylandi.
Boshqa sohalardan farqli oʼlaroq, tibbiyot xodimlari faoliyat yuritadigan jamoada hamkorlik va hamjihatlik juda muhim. Rahbar va xodimlarning bir-birlarini yaxshi tushunishlari, qoʼllab-quvvatlashlari, bemorlarga tashxis qoʼyish, davolash va reabilitatsiya qilish kabi murakkab jarayonlarda yonma-yon turib, masʼuliyatni birga his qilishlari, shoshilinch holatlarda, zudlik bilan toʼgʼri qaror qabul qilib, bemorni ogʼir klinik holatdan olib chiqishlari, tibbiyot amaliyotining qoidalariga kiradi. Chunki umuminsoniy meʼyorlarda qadimdan bitilgan qoidalardan biri – inson salomatligi va hayoti eng oliy qadriyat ekanligidir.
Tibbiyot sohasi xodimlari bilim, tajriba, salohiyat va kuch-gʼayratlarini inson salomatligini asrashga qaratib, oʼz vazifalarini sidqidildan bajarishlari uchun jamoada sogʼlom ruhiy muhit yaratish zarur.
Davolash va profilaktika ishlari sifatini oshirish, muassasada bemorlar uchun andozadagidek qulay sharoitlar va koʼrkam, obodonlashtirilgan hududlar barpo qilish, ayniqsa DPMning moliya-iqtisodiy koʼrsatkichlarini yuqori koʼtarish, tibbiy jamoa rahbariga (bosh shifokor, uning oʼrinbosarlari, boʼlim mudirlari, bosh va katta hamshiralar va boshqalar), uning butun jamoa va har bir xodim bilan oʼzaro hamjihatligi, munosabatlariga bogʼliq.
Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirishda, “Oʼzbekiston temir yoʼllari” АJ Sogʼliqni saqlash xizmati tasarrufidagi baʼzi (tasodifiy tanlov asosida besh shifoxona rahbarlari) davolash va profilaktika muassasalari (DPM) bosh shifokorlarining oʼz jamoalarida tutgan oʼrni, ularning tavsiflari, jamoani boshqarish qobiliyati, shifoxonaning ijobiy koʼrsatkichlarini yuqori darajaga koʼtara bilishi va boshqa mezonlariga koʼra, Sogʼliqni saqlash xizmatining bosh va yetakchi mutaxassislari nazarida oʼrganish, ijtimoiy (sotsiologik) soʼrov – tadqiqot oʼtkazildi.
Ushbu tadqiqot sotsiologik soʼrovlar oʼtkazish, natijalarni tahlil qilish va rahbar uchun muassasa boshqaruv tizimida foydalanadigan yoʼl xaritasini yaratishda qoʼl keladigan usul sifatida taqdim etilmoqda.

                                                                                                                     TАDQIQOTNING MАQSАDI

     Ijtimoiy tadqiqotning maqsadi: “Oʼzbekiston temir yoʼllari” АJ Sogʼliqni saqlash xizmati tasarrufidagi, tasodifiy tanlov yoʼli bilan aniqlangan beshta DPM bosh shifokorlariga Sogʼliqni saqlash xizmati bosh va yetakchi mutaxassislari tomonidan turli mezonlar boʼyicha tavsif berish.
Shu jumladan, rahbarlarning oʼz jamoalarida tutgan oʼrni, jamoani boshqarish qobiliyati, shifoxonaning ijobiy koʼrsatkichlarini yuqori darajaga koʼtara olishi qobiliyati, shifoxonada davolash – profilaktika ishlari yetarli darajada tashkil etilganmi, bemorlarga koʼrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati zamon talablariga javob beradimi, bosh shifokorlar faoliyatidan SSX rahbariyati va mutaxassislarining qay darajada qoniqish hosil qilayotganlari va boshqa mezonlariga koʼra baho berish.