Oftob urishidan saqlaning!

    Jazirama issiq – havo haroratining bir necha kun davomida 10 va undan ortiq darajaga keskin ko'tarilishi bilan belgilanadi. Ta'siri esa bu inson tanasining harorati issiq olishi natijasida 37,1 dan 38,8 darajaga qarab ko'tarilishidir.
    Shuni aytish kerakki, kuzatilayotgan jazirama kunlarda, birinchi navbatda, boshni quyosh nuridan asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o'tgan bo'lib, kunning issiq vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, insonlarni oftob urishiga olib kelishi mumkin. Buning oqibatida tana haroratining ko'tarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurakni tez urishi, bosh og'rishi, bosh aylanishi, ko'ngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish holatlari kuzatilishi mumkin.
 
Image
    Bunday holatlarda qanday yordam ko'rsatiladi? Oftob urishining birinchi belgilari namoyon bo'lgan zahoti jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko'rsatishni boshlash kerak. Oftob urgan odamni darhol soya yoki salqin joyga gorizontal holda yotqizib, oyoqlarini bir oz ko'tarib qo'yish, toza havo bilan ta'minlash uchun elpish, bo'yin va ko'krak qafasini siqib turgan kiyimlarini bo'shashtiriladi yoki kerak bo'lsa echiladi, sovuq suvga shimdirilgan matoni ho'llab, iloji bo'lsa butun tanasiga o'raladi, sochiqni muzdek suvga ho'llab boshiga qo'yiladi. Bo'yin va qo'ltiq sohasiga muz xaltachalari qo'yilsa foydadan holi bo'lmaydi. Bemorga oz-ozdan suyuqlik ichiriladi va zudlik bilan tez yordam chaqiriladi. Qatiq bo'lsa ichirish lozim (2-3 stakan yog'siz qatiq oftob urgan kishiga bir necha kun davomida tavsiya etiladi. Chunki qatiq organizmni tiklovchi va sovituvchi yaxshi vositalardan biri hisoblanadi). Ko'ngli aynib qusgan bo'lsa nafas yo'llarini qusuqlardan tozalash, novshadil spirti hidlatish hamda hushsizlik holatida nafas olish va yurak urishini tekshirib ko'rish kerak. Tez yordam etib kelgunga qadar yuqoridagi muolajalar davom ettiriladi.
Image
    Oftob urishini oldini olish uchun quyidagi qoidalarga amal qiling. Havoni yaxshi o'tkazib, quyosh nurini qaytaradigan, keng tikilgan va tanaga yopishib turmaydigan kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. Shuningdek, kiyim tanlashda matoning rangiga ham e'tibor berish lozim. Chunki qora va jigar rang matodan tikilgan kiyimlar o'ziga issiqlik va quyosh nurini ko'p tortadi, oq rangli matodan tikilgan kiyimlar esa, issiq va quyosh nurini qaytarish xususiyatiga ega. Vaqti-vaqti bilan yuzni sovuq suvda namlangan dastro'mol bilan artib turish, shuningdek issiq sharoitda ishlaganda vaqti-vaqti bilan imkon darajasida salqin joyda dam olish kerak.
    Issiq paytda kaloriyali ovqatlar iste'mol qilmaslikka harakat qilish lozim. Jazirama issiq paytida sovuq ovqatlar hamda ko'proq sut-qatiq mahsulotlari, meva va sabzavotlar iste'mol qilish tavsiya etiladi. Ovqat albatta tuzli bo'lishi darkor. Chunki havo harorati yuqoriligida odam organizmidan ko'p miqdorda natriy (tuz) chiqib ketadi.
    Kunlik ovqatlanish rasioniga yana ko'proq suyuqlik iste'molini kiritish lozim. Ko'p suv ichish – to'g'ri suv iste'mol qilish organizmning xayot faoliyatini yaxshilaydi. Issiq paytida har kuni suyuqlik iste'mol qilishni ko'paytirish kerak. Oddiy ichimlik suv iste'mol qilish maqsadga muvofiqdir. Pivo va boshqa alkogol ichimliklar organizmni yomonlashishiga olib keladi.
    Badanga aslo spirt surtmang, chunki spirt badanning mayda teshiklarini yopilishiga olib keladi va issiqlikni chiqishini to'sib qo'yadi.
    Cho'milish joylarida quyidagi qoidalarga amal qiling:
Agar siz cho'milish maskanlarida dam olayotgan bo'lsangiz, yodda tuting ushbu joylarda havo harorati +40ºS va undan ortiq bo'lishi mumkin. Cho'milish havzasidagi suvning harorati esa +22ºS +26ºS bo'lishi mumkin, shunda haroratni keskin o'zgarishi +14ºS, +18ºS ni tashkil etadi.
    Agar cho'milish maskanining sohilida uzoq muddat turib birdaniga suvga o'zingizni tashlasangiz organizmingizdagi harorat keskin tarzda tushib ketishi natijasida nafas olish yoki yurakni to'xtab qolishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun suvga tushishidan oldin qo'l, oyoq, gavda va boshqa qismlarni suv bilan artib chiqishni unutmang.
    Shifokorlar oftob urgan kishilarga bir necha kun yotishni tavsiya qilishadi, chunki organizmdagi asab tizimi, qon aylanishi va boshqa bir qator buzilgan biokimyoviy reaktsiyalar tiklanishi uchun shuncha vaqt kerak bo'ladi. Ushbu tavsiyalarga amal qilish lozim. Aks holda oftob urishi qayta takrorlanishi mumkin.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ Sog'liqni saqlash xizmati muhandisi: A.Ubaydullayev

Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi xodimlari
Z. Sharopova, X. Muxamedova