E'tibor namunasi: Mehr-oqibat va muruvvat ayyomi nishonlandi

    "O'zbekiston temir yo'llari" AJ tasarrufidagi Sog'liqni saqlash xizmati va unga qarashli Temir yo'l qon quyish stansiyasi hamda Markaziy sanitariya-epidemiologiya stantsiyalarida Navro'z bayramiga bag'ishlangan bayram tadbiri karantin qoidalariga amal qilingan holda o'tkazildi.
    Mazkur bayram tadbirda bevosita Sog'liqni saqlash xizmati, temir yo'l qon quyish, Markaziy sanitariya-epidemiologiya stantsiyalari ishchi-xodimlari ishtirok etdi.
    – Navro'zi olam – sharqona yangi yil, ya'ni o'zining yangilanish va yasharish, shuningdek, bahor nafasini boshlab keluvchi, xalqimizning tabiati, ongu shuuriga chuqur singib ketgan, shu bilan birga har qaysi oila, har qaysi xonadonda shodu xurramlik ulashuvchi eng qadrli milliy bayramlar sirasiga kiradi, – deydi Sog'liqni saqlash xizmati kasaba uyushma qo'mitasi raisi Aliyaxon Qurbonova. – Navro'z milliy ma'naviyatimiz rivojidagi eng muhim shodiyona bo'libgina qolmay, an'analarimiz va qadriyatlarimizni asrlar mobaynida davom ettirishda asosiy poydevor sanaladi. Ushbu kunda yurtimizning har bir go'shasida bahoriy taomlaru, turli milliy urf-odat hamda o'yinlarga alohida urg'u beriladi. Xususan, milliy taomlarimizdan sumalak, halim, ko'ksomsa, ko'kchuchvaralar bayram dasturxonining ko'rkiga aylanadi. Ayniqsa, sumalak bazmlarining tashkil etilishining o'zgacha gashti bor. Biz ham ushbu qutlug' kunda jamoamiz bilan birgalikda doshqozonda sumalak qaynatdik va o'zbek milliy tamomidan palov tayyorladik. Chunki bu an'ana tashkilotimiz tomonidan necha yillardan buyon davom ettirilib kelinmoqda. Har yili an'anaga ko'ra milliy taomlar bilan bezatilgan dasturxon atrofida tashkilotimizga mehnat qilib, nafaqaga chiqqan faxriylarimiz taklif etilib, bir piyola choy ustida dildan suhbat qurilardi. Bayramga kelmaganlari holidan xabar olinardi.
    Mazkur tayyorlangan milliy taomlardan sumalak va osh tizimda mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlarga va u yerda ishlab nafaqaga chiqqan nafaqaxo'rlarga ham ulashilishi barobarida ular holidan xabar olindi.